Assalomu alaykum! Oxirgi paytda Telegram messenjeridan Rossiya va markaziy Osiyoda eng ko’p foydalanilishi hech kimga sir emas. Foydalanuvchilar bir biriga xabarlar, ma’lumotlar, rasmlar, videolar yuborishi uchun judayam qulay messenjer. Shaxsan o’zim ham ushbu messenjerdan kundalik hayotda foydalanaman 😉

Ba’zi holatlarda Telegram profilni butunlay o’chirib yuborishga zarurat tug’iladi. Lekin ko’pchilik telefonidan yoki kompyuteridan Telegram dasturini o’chirib tashlab Telegram profilimni o’chirib tashladim deb o’ylaydi. Aslida unday emasligini bilgach qanday qilib o’chirib yuborish mumkinligiga javob topa olmay boshlari qotadi.

Lekin bir narsani eslatib qo’yay! Telegram tarmog’idan profilingizni o’chirganingizdan so’ng barcha yozishmalaringiz, yozishmalardagi rasmlar, videolar, hujjatlar, Telegram ichida saqlangan kontakt raqamlaringiz barcha barchasi butunlay o’chib ketadi. Uni qayta tiklashning umuman iloji yo’q! O’chirib yuborgandan so’ng qaytadan o’sha raqamingizga yangi profil ochsangiz ham eski yozishmalar va ma’lumotlarni tiklashning iloji bo’lmaydi!

Mening ham tanishlarim shu mavzuda juda ko’plab murojaat qilishadi. Aslida esa Telegram tarmog’idan akkauntni butunlay o’chirib tashlashdan oson ish yo’q. Faqatgina buning uchun qiyin bo’lmagan bir nechta amallarni bajarish kerak bo’ladi. Demak boshladik!

Telegramni o’chirish sahifasi

Internetga ulangan qurilmamizdan https://telegram.org/deactivate manziliga kiramiz:

Telegram profilni o’chirib yuborish uchun kirish sahifasi

Ushbu oynaga Telegram profilini o’chirib yuborishimiz kerak bo’lgan telefon raqamimizni Xalqaro formatda (+998 9x xxx-xx-xx) kiritamiz va Next tugmasini bosamiz. Shundan so’ng Telegram dasturimizga kod yuborilib o’sha kodni kiritish sahifasi namoyon bo’ladi:

Telegram dasturiga yuborilgan kodni kiritish sahifasi

Bu vaqtda esa Telegram dasturimizni telefon yoki kompyuterimizda ochamiz. Telegram nomli kontaktdan bizga quyidagicha xabar keladi:

Telegram dasturiga yuborilgan tekshiruv kodining na’munaviy ko’rinishi

Telegram dasturimizga yuqoridagi rasmdagi mazmundagi xabar keladi. Qizil chiziq bilan ko’rsatilgan joydagi belgilarni yuqoridagi tekshiruvchi kod so’ragan sahifaga kiritamiz va Sign in tugmasini bossak quyidagi sahifa namoyon bo’ladi:

Profilni o’chirish amalini tanlash sahifasi

Bu sahifada sahifa pastidagi Done tugmasini bosganimizda bizdan haqiqatdan ham Telegram profilingizni butunlay o’chirib yubormoqchimisiz deb yozilgan dialog paydo bo’ladi:

Telegram profilni o’chirib yuborishni tasdiqlash oynasi

Agarda siz Yes, delete my account tugmasini ustiga bosadigan bo’lsangiz bir necha soniya o’tib sahifa yangilanadi va Telegram tarmog’idan profilingiz butunlay o’chirib yuboriladi.

Profilingiz butunlay o’chib ketganini Telegram dasturiga kirib tekshirib ko’rishingiz mumkin chunki dasturda qaytadan raqam kiritish so’rash oynasiga qaytib qolgan bo’ladi.

Shunday qilib oddiygina amallar ketma-ketligini bajarish orqali Telegram tarmog’idan o’z profilimizni butunlay o’chirishimiz mumkin 😉

Ko’rishguncha 😉

Shukrullo Turgunov