Assalomu alaykum aziz o’quvchi! Ushbu postni yozishimdan maqsad men o’zim uchun shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun VDS (Virtual Dedicated Server) ya’ni Virtual Ajratilgan Server sotib oldim. Unga o’zimda boshqaruv bo’yicha malakam bo’lgan Linux OS lardan biri Debianni o’rnatdim.

Ushbu serverimga web saytlarimni joylashtirish va uni saytim bilan ulash uchun unga hozirgi kunda dunyodagi amaldagi eng mashhur web server komponentlari birlashmasi LAMP (Linux + Apache + MySQL + PHP) ni o’rnatishni amalda ko’rsatib o’taman. Apache, MySQL, PHP haqida Google amakidan bemalol so’rab bilib olishingiz mumkin 😉

Demak boshladik:

SSH orqali serverimga ulanganimizdan so’ng terminalda quyidagi ketma-ketliklarni bajarishimiz kerak bo’ladi:

Linuxni paketlarini yangilanishlarga tekshirish va yangilash

Buning uchun terminalda quyidagi kodlarni kiritishimiz va amallar bajarib bo’lishini kutishimiz kerak bo’ladi

$ sudo apt-get update & sudo apt-get upgrade

Yuqoridagi komanda serverga o’rnatilgan sistemaning paketlarini yangisiga tekshirib agar yangilanishlar chiqqan bo’lsa uni olib o’rnatadi.

Apache web serverini o’rnatish

Apache web serverini o’rnatish uchun terminalga quyidagi kodni yozamiz

$sudo apt-get install apache2

O’rnatib bo’lgach, serverimiz IP sini kompyuterimiz brauzeriga kiritib ochib ko’rsa Apache web serverining odatiy sahifasi ochiladi. Agar ochilsa davom etamiz.

MySQL ma’lumotlar ombori serverini o’rnatish

MySQL ma’lumotlar ombori serverini kompyuterga o’rnatish uchun quyidagi komandani terminalga kiritamiz

$ sudo apt-get install mysql-server

Yuqoridagi buyruq bajarilib bo’lingach quyidagi buyruqni kiritib MySQL serverga bosh foydalanuvchi (root) uchun parol o’rnatamiz, keraksiz bazalarni o’chirib yuboramiz. Buni amalga oshirish uchun quyidagi buyruqni terminalga kiritib, so’ralgan savollarga javob berish kerak bo’ladi

$ mysql_secure_installation

Yuqoridagi amallarni bajarib bo’lgach endi hozirgi kunda web serverlarda eng ko’p foydalaniladigan skript dasturlash tili PHP ni serverga o’rnatamiz. Buning uchun terminalga quyidagi buyruqlarni kiritish kerak

$ sudo apt-get install php5 libapache2-mod-php5

Yuqoridagi buyruq muvaffaqiyatli bajarilgandan so’ng web serverimizga deyarli barcha komponentlar o’rnatib bo’lindi.

PHP muvaffaqiyatli o’rnatilganini sinash uchun terminalda quyidagi buyruqni kiritamiz

$ php -v

Agar ushbu buyruq bajarilgandan so’ng terminalda PHP versiyasi haqidagi ma’lumotlar chiqsa siz barcha amallarni muvaffaqiyatli amalga oshirgansiz! Tabriklayman!

Keyingi maqolalarda Apachega Virtual Host (saytlar) ni qo’shish haqida batafsil yozaman.

Ishlaringizda omad! Keyingi bloglarda ko’rishguncha! 😉

Shukrullo Turgunov